OpenAI Xitoy va Shimoliy Koreyadagi ba’zi foydalanuvchilarni o‘chirdi

Texnologiya

OpenAI kompaniyasi Xitoy va Shimoliy Koreyadagi ba’zi foydalanuvchilar hisoblarini o‘chirdi. Suniy intellekt ishlab chiquvchi kompaniyaning fikricha, ushbu foydalanuvchilar texnologiyadan zararli maqsadlarda, jumladan kuzatuv va jamoatchilik fikriga ta’sir ko‘rsatish operatsiyalarida foydalangan. Bu haqida Reuters ma’lum qildi.

OpenAI Xitoy va Shimoliy Koreyadagi ba’zi foydalanuvchilarni o‘chirdi
Bu kabi faoliyatlar avtoritar hukumatlarga suniy intellektdan AQShga va o‘z fuqarolariga qarshi foydalanish imkonini berishi mumkin, deyiladi OpenAI hisobotida. Kompaniya bunday operatsiyalarni aniqlash uchun suniy intellekt vositalaridan foydalanganini ham qo‘shimcha qildi.

Kompaniya qancha foydalanuvchi hisobi o‘chirilganini yoki bu jarayon qachon amalga oshirilganini ochiqlamadi.

Bir holatda, foydalanuvchilar ChatGPT’dan AQShni yomonotliq qiluvchi ispan tilidagi maqolalarni yaratish uchun foydalangan. Ushbu maqolalar keyinchalik Lotin Amerikasidagi asosiy axborot nashrlarida Xitoy kompaniyasining muallifligi ostida chop etilgan.

Boshqa holatda, Shimoliy Koreyaga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan zararli guruh suniy intellektdan yolg‘on rezyumelar va soxta ish izlovchilarning onlayn profillarini yaratish uchun foydalangan. Ularning maqsadi G‘arb kompaniyalarida ishga joylashishga urinish bo‘lgan.

Bundan tashqari, Kambodjada joylashgan moliyaviy firibgarlik bilan bog‘liq yana bir guruh ChatGPT hisoblaridan OpenAI texnologiyasi yordamida X va Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlarda va aloqa platformalarida sharhlar tarjima qilish va yaratish uchun foydalangan.

AQSh hukumati Xitoyning sun’iy intellektdan o‘z aholisini nazorat qilish, noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish va AQSh hamda uning ittifoqchilarining xavfsizligiga putur yetkazish uchun foydalanayotgani borasida tashvish bildirgan.

OpenAI tomonidan ishlab chiqilgan ChatGPT hozirda eng mashhur sun’iy intellekt chatboti bo‘lib, kompaniyaning haftalik faol foydalanuvchilari soni 400 milliondan oshgan. Kompaniya ayni damda 300 milliard dollar baholanish bilan 40 milliard dollargacha mablag‘ jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu xususiy kompaniya uchun eng katta sarmoya jalb qilish jarayonlaridan biri bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, Gonkong universiteti tadqiqotchilari suniy intellekt yordamida noma’lum hududlarda osongina harakatlana oladigan dron yaratgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing