O'zbekiston Prezidenti mehnat migratsiyasini qo'llab-quvvatlash bo'yicha yangi chora-tadbirlarni tasdiqladi

O'zbekiston

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yangi Farmoni e’lon qilindi. Unda xorijga vaqtincha mehnat faoliyatini olib borish uchun joʻnab ketayotgan yoki xorijda vaqtincha ishlayotgan fuqarolarimizga tibbiy, ijtimoiy, huquqiy, konsullik xizmatlarini koʻrsatish masalalari aniq koʻrsatib oʻtilgan. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

O'zbekiston Prezidenti mehnat migratsiyasini qo'llab-quvvatlash bo'yicha yangi chora-tadbirlarni tasdiqladi
2024-yil 1-iyundan boshlab "Xorijda ish" mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:

xorijiy tillar va kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda BHMning 3 baravarigacha;
"Ishchi viza" ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun BHMning 5 baravarigacha;
Yo‘l chiptasi uchun BHMning 2 baravarigacha miqdorda kompensatsiya to‘lanadi.
2024-yil 1-sentabrga qadar xorijda vaqtincha ishlayotgan yurtdoshlarimizga yordam ko‘rsatish uchun tunu kun ishlaydigan Call-markaz tashkil etiladi. Chet eldan chiquvchi abonentlar uchun Call-markazga qo‘ng‘iroqlarni bepul amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

2024–2025-yillarda Buyuk Britaniyada (London), Germaniyada (Berlin), Turkiyada (Istanbul) va Saudiya Arabistonida (Ar-Riyod) Agentlikning vakolatxonlarini yoki xorijda vaqtincha ishlayotgan yurtdoshlarimizni huquqiy himoya qilish markazlarini ochish rejalashtirilmoqda.

2024-yil 1-iyundan boshlab xorijda ishlab qaytgan shaxslarni ishga olgan ish beruvchilarga har bir xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi.

Shuningdek, xorijda vaqtincha ishlovchilar uchun bo‘lib turgan mamlakatlari va u yerdagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma'lumotlarni joylashtirish, vatandoshlar bilan onlayn muloqot qilish va pul o‘tkazmalarini amalga oshirish, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan bog‘lanish imkonini beruvchi mobil ilova yaratiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing