O‘zbekiston va Koreya Respublikasi uch yilga mo‘ljallangan yangi yuqori texnologiyali hamkorlik strategiyasini ishlab chiqadi

Siyosat

Shavkat Mirziyoyev va Yun Sok Yol muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar.

O‘zbekiston va Koreya Respublikasi uch yilga mo‘ljallangan yangi yuqori texnologiyali hamkorlik strategiyasini ishlab chiqadi
Muzokaralar chog‘ida kelgusi 3 yil uchun O‘zbekiston-Koreya alohida strategik sherikligining yangi yuqori texnologiyali kun tartibini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan hukumatlarga O‘zbekistonda mintaqaviy yuqori texnologik xab yaratish bo‘yicha strategik dasturni tayyorlash topshirildi.

Ayni paytda strategiyaning tub yo‘nalishlari sifatida bir qator ustuvor sohalarda hamkorlik qilish taklif etildi.

Birinchidan, o‘ta muhim mineral resurslar sohasidagi hamkorlik. Bu resurs bazasini chuqur qayta ishlagan holda qo‘shilgan qiymatning to‘liq zanjirini yaratishni nazarda tutadi.

Ikkinchi. Koreya Respublikasi an’anaviy ravishda global yetakchilardan biri hisoblangan yarimo‘tkazgichlar sohasida strategik hamkorlik. Bu borada mamlakatimizda mintaqada birinchi yaxlit ilmiy-ishlab chiqarish klasterini barpo etish rejalashtirilgan.

Uchinchi. Kimyo sanoatida keng ko‘lamli hamkorlik. “Yashil” vodorod va ammiak ishlab chiqarish, shuningdek, tayyor rezin-texnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalar tayyorlangan.

To‘rtinchi. Mashinasozlikda kooperatsiyani chuqurlashtirish. Joriy yil bahorida Jizzax viloyatida KIA avtomobillarini yig‘ish liniyasini ishga tushirildi. Kelgusi yilda yiliga 60 mingdan ortiq sedan ishlab chiqarishni boshlash rejalashtirilgan.

Beshinchi. “Aqlli” qishloq xo‘jaligini yaratishga texnologiyalarni jalb qilish, shu jumladan, agrar tarmoqni raqamlashtirish, "aqlli" va "yashil" texnologiyalarni joriy etish.

Mamlakatimiz hududlarida qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida zamonaviy issiqxona xo‘jaliklari va bog‘dorchilik majmualarini barpo etish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

Oltinchi. Infratuzilmani modernizatsiya qilish va shaharsozlik dasturi.

Yettinchi. Zamonaviy va xavfsiz energetika. “Yashil” energetika va energiya samaradorligini oshirish sohasida istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish uchun tomonlar energetika vazirlari darajasida strategik muloqotni qayta tiklashga va uning navbatdagi yig‘ilishini yaqin orada O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishib oldilar.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing