O‘zbekiston va Turkmaniston iqtisodiy aloqalarni kuchaytirmoqda

O'zbekiston

Avaza milliy turizm zonasidagi Kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining Milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yuzma-yuz hamda delegatsiyalar ishtirokida o‘tkazildi.

O‘zbekiston va Turkmaniston iqtisodiy aloqalarni kuchaytirmoqda
Suhbat avvalida turkman tomoni Prezident Serdar Berdimuhamedovning samimiy salomlarini yetkazdi. Prezident Mirziyoyev turkman xalqini joriy oy Avazada muvaffaqiyatli o‘tkazilgan BMTning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi bilan tabrikladi.

Muzokaralarda qo‘shnichilik va strategik sheriklikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Yil boshidan beri ikki tomonlama savdo hajmi 700 mln dollardan oshgani, erkin savdo tartibi joriy etilgani va Toshkent hamda Ashxobodda savdo uylari faoliyat yuritayotgani qayd etildi.

Sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi kabi sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Shu yilning o‘zida «Shovot – Dashoguz» savdo zonasini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, tomonlar hukumatlararo komissiyalar, Biznes kengashi va madaniy tadbirlar doirasida tayyorgarlik ishlari muhimligini ta’kidladilar. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining bo‘lajak yettinchi Maslahat uchrashuvi kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi. Shu nuqtai nazardan «Ozarbayjon – Turkmaniston – O‘zbekiston» uch tomonlama muloqotining amaliy ahamiyati qayd etildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing