Rossiyadagi YTHda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadi Urganchga olib kelindi

O'zbekiston

Rossiyaning Penza viloyatida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan mikroavtobus yo‘l-transport hodisasiga uchrashi oqibatida 7 nafar o‘zbekistonlik halok bo’lib, 2 nafari jarohatlangandi. Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, jarohatlangan fuqarolarning 1 nafari ham 12-yanvar kuni tonggida Penza shahridagi shifoxonada shifokorlarning muolajalariga qaramasdan vafot etgan.

Rossiyadagi YTHda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadi Urganchga olib kelindi
Rossiyaning Penza viloyatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgan 8 nafar O‘zbekiston fuqarolarining jasadi Urganchga olib kelindi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlariga asosan hukumat farmoyishi bilan favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari boshchiligida tashkil etilgan ishchi guruh kecha, 12- yanvar kuni Penza viloyatiga yetib borib, Rossiyaning mas’ul idoralari rahbarlari bilan uchrashgan va hamkorlik asosida tashkiliy va amaliy harakatlar olib borilgan. Shundan so‘ng maxsus bort Rossiyadan uchib, 13-yanvar kuni soat 06:50 larda Xorazm viloyatidagi “Urganch” xalqaro aeroportga kelib qo‘ngan.

FVV, IIV, TIV, SSV va Transport vazirligi hamkorligida 8 nafar vafot etgan fuqarolarning jasadlari yashash manzillariga yuborilgan. Hozirda mahalliy hokimliklar tomonidan dafn marosimlarini o‘tkazish yuzasidan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

“Jarohatlangan yana 1 nafar fuqaro Penza shahridagi shifoxonada, davolanish ishlari yakuniga yetgandan so‘ng O‘zbekistonga qaytariladi. Hozirgi vaqtda shifoxonaga joylashtirilgan fuqaro shifokorlarning qat’iy nazoratiga olinib, tegishli muolajalar o‘tkazilmoqda”, deyiladi xabarda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing