Pentagon Rossiyaga qarshi barcha harbiy kiberoperatsiyalarni to‘xtatmoqda

Dunyo

AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset AQSh qurolli kuchlarining kiberqo‘mondonligiga Rossiyaga qarshi rejalashtirilgan harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha buyruq berdi. Ushbu cheklov hujumkor operatsiyalarni rejalashtirishga ham taalluqli, deb xabar berdi The Record.

Pentagon Rossiyaga qarshi barcha harbiy kiberoperatsiyalarni to‘xtatmoqda
Buyruq qachon kuchga kirishi aniq emas. Nashr manbalarining aytishicha, qo‘mondonlikka bu qaror "yaqin kelajakda" amalga oshirilishi haqida ma’lum qilingan. Hozirda AQSh kiberqo‘mondonligi xavf-xatarlarni baholash jarayonini olib bormoqda. Baholash natijalari asosida Hegsetga muzlatilgan missiyalar ro‘yxati va Rossiyadan kelayotgan potentsial tahdidlar haqida ma’lumot taqdim etiladi.

Hegset bu buyruqni kiberqo‘mondonlik rahbari general Timoti Xoga bergan, u esa o‘z navbatida uni AQSh kiberqo‘shinlarining operatsion faoliyatini boshqaruvchi general-mayor Rayan Heritagega yetkazgan.

Biroq Pentagonning ushbu buyrug‘i AQSh Milliy xavfsizlik agentligiga (NSA) taalluqli emas. Ya’ni, Rossiyaga qarshi radioelektron razvedka ishlari davom etadi.

The Record manbalarining ta’kidlashicha, ushbu taqiq Ukrainaga yordam ko‘rsatishga qaratilgan kiberoperatsiyalarni ham qamrab olishi mumkin.

Oldinroq AQSh kiberqo‘mondonligi Ukraina “raqamli mudofaasi”ni mustahkamlash va Moskvaning kiber imkoniyatlarini o‘rganish uchun mutaxassislarni Kiyevga yuborgan edi.

Hozirda 6 mingga yaqin xodimdan iborat AQSh kiberqo‘shinlarining kelajagi noaniq. Ulardan har to‘rtinchisi Rossiya bilan bog‘liq vazifalar bilan shug‘ullanadi. Rossiya global kiberjinoyatchilik markazi sifatida ko‘riladi va ko‘plab AQSh kompaniyalari hamda davlat idoralariga qarshi kiberhujumlarda ishtirok etgan.

The Record nashri manbalariga ko‘ra, Hegsetning ushbu buyrug‘i taxminan bir hafta oldin berilgan va Donald Tramp hamda Vladimir Zelenskiy o‘rtasida yuz bergan bahsga hech qanday aloqasi yo‘q. Ma’lumki, ushbu tortishuv jonli efirda ro‘y bergan va Ukraina delegatsiyasi Oq uydan chiqarib yuborilgan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing