Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-aprel kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi. Birinchi manzil Forish tumanidagi “Basalt Uzbekistan” klasteri bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi
Davlatimiz rahbari xomashyo toshlari va tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi. Klasterda 1 ming 700 dan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan.

Klasterda yiliga 177 ming tonna bazalt toshidan maxsus tola, direkt roving, fibra, armatura, kompozit geosetka, quvurlar, mato va issiqlik-izolyatsiya plitalari kabi 42 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili 45 ming tonna 554 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlangan. Ularga dunyoda talab yuqori. Mahsulotlarning 80 foizi AQSH, Angliya, Polsha, Italiya, Chexiya, Gruziya, Rossiya, Turkiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlarga eksport qilingan.

Ushbu mahsulotlarni kommunal xo‘jaligi, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, neft-gaz va boshqa tarmoqlarda qo‘llash bo‘yicha taqdimot qilindi.

Kelgusi yil klasterning korxonalaridan biri – “Basfiber treyd” tomonidan yiliga 25 ming tonna bazalt toshidan tola va mato ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Hozirgi paytda 145 million dollarlik zarur uskunalar keltirilgan. Bu yangi loyiha asosida ishlab chiqarilgan mahsulot ichki ehtiyojni qoplash bilan bir qatorda, 90 foizi eksportga yo‘naltiriladi.

Mutasaddilarga shu yerning o‘zida 500 million dollarlik, qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan 20 turdagi yangi loyihalarni joylashtirish vazifasi qo‘yildi. Natijada qo‘shimcha 2 mingta ish o‘rni paydo bo‘ladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing