Prezident Yangi Toshkent bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi

O'zbekiston

Yil oxirigacha rasmiylar tashabbusning birinchi bosqichi doirasida loyihani yakunlash, pudratchilarni aniqlashni rejalashtirmoqda

Prezident Yangi Toshkent bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-sentabr kuni Yangi Toshkent shahrining Bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasida bosh reja loyihasi taqdimoti o‘tkazilgan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari – “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” direktori hududni infratuzilma bilan ta’minlash, yo‘l va ko‘priklar qurish masalalari, muhandislik, shaharsozlik va arxitektura yechimlari bo‘yicha axborot bergan.

Loyihada yangi Toshkent “aqlli” va “bog‘ shahar” bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Ma’muriy markazda davlat idoralari, Yangi O‘zbekiston universiteti, kutubxona, tarix muzeyi, madaniyat saroylari joylashadi. Shuningdek, shaharda ishbilarmonlik va innovatsiya tumanlari, ta’lim, tibbiyot va turizm klasterlari bo‘ladi. 420 gektar maydonda markaziy bog‘, mavzelar orasida sun’iy kanal va ko‘llar, Chirchiq va Qorasuv daryolari bo‘yida sayilgohlar tashkil qilinib, odamlarning dam olishi uchun so‘lim sharoitlar yaratiladi. “Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi shu joydan boshlanadi.

Bu komponentlar loyihasi Singapur, Angliya, Xitoy, Germaniya, Turkiya, Niderlandiya, Janubiy Koreya, BAA kabi davlatlarning 20 ta ilg‘or kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilmoqda. Davlat rahbari infratuzilma tarmoqlarini ilg‘or standartlar bilan uyg‘unlashtirish zarurligini ta’kidladi.

“O‘ttiz ikki yillik mustaqil tariximizda birinchi marta bunday shahar qurayapmiz, bunga dunyodagi ilg‘or kompaniyalarni jalb qilayapmiz. Lekin bizdagi sohalar, standartlar shunga mosmi? Ular zamonaviy loyihalar bilan hamohang bo‘lishi kerak. Shuning uchun qurilish, energetika, kommunal, ekologiya, irrigatsiya, transport kabi hamma tegishli sohalardagi qonunlarni, standartlarni jahonning eng yuqori talablariga muvofiq takomillashtirish zarur”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bosh reja asosida yil yakuniga qadar batafsil loyihalash ishlarini yakunlash, birinchi bosqich inshootlari bo‘yicha loyihachi va quruvchi korxonalarni aniqlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

“Nima uchun bu loyihani shoshmasdan, qayta-qayta ko‘ryapmiz? Bu shahar yuz yillab xalqqa xizmat qilishi kerak. Odamlar birinchi o‘rinda bo‘lishi, kelajakdagi qurilishlar ham inobatga olinishi zarur. Birinchi bosqich mukammal qurilsa, maktab bo‘ladi”, dedi davlat rahbari.

Bo‘lajak binolar va infratuzilma ekspluatatsiyasini hozirdan o‘ylash, bu bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing