Qanday qilib amerikalik immigrant ishchilar ish o'rinlarining o'sishiga va retsessiyaning oldini olishga yordam berdi?

Dunyo

Amerika Qo'shma Shtatlarida yangi immigrant ishchilar tomonidan to'ldirilayotgan millionlab ish o'rinlari iqtisodchilar uchun yillar davomida jumboq bo’lib kelayotgan sirni ochganga o'xshaydi: Amerika iqtisodiyoti oyma-oy yuz minglab ish o'rinlarini qo'shib, qanday qilib gullab-yashnamoqda? Bu haqda Associated Press xabar berdi.

Qanday qilib amerikalik immigrant ishchilar ish o'rinlarining o'sishiga va retsessiyaning oldini olishga yordam berdi?
Chet elda tug'ilgan va balog’at yoshiga yetgan muhojirlar oqimi natijasida AQShda “hamyonbop ishchilar” soni oshdi va bu talaygina AQSh kompaniyalariga ishchilar tanqisligi sharoitida bo'sh ish o'rinlarini to'ldirishga yordam berdi.

Immigrant ishchilarning mavjudligi kompaniyalarga bir qator qulayliklar yaratdi. Xusuan, endilikda kompaniylarga ish haqini haddan tashqari oshirishga hojat qolmadi. Bundan avval ular ko'tarilgan mehnat xarajatlarini xaridorlarning yelkasiga yuklab, narx-navoni oshirib yuborishardi, bu esa inflyatsiyani rag'batlantirardi. To’g’ri, AQShda inflyatsiya hali-hanuz yuqori, ammo u ikki yil oldingi darajadan sezilarli darajada kamaydi.

Minglab ish beruvchilar yangi immigrantlarga nihoyatda muhtoj edi. Boisi iqtisodiyot va iste'mol xarajatlari pandemiya davridagi inqirozdan chiqqandi. Kompaniyalar mijozlar buyurtmalarini bajarish uchun yetarlicha ishchilarni yollashga qiynalardi.

Muammo demografik o'zgarishlar bilan murakkablashdi: 25 yoshdan 54 yoshgacha bo'lgan mehnatga layoqatli amerikaliklar soni kamayib bordi, chunki ularning ko'pchiligi bu yosh toifasidan chiqib borardi va nafaqaga chiqish arafasida edi.

"Ishchilarsiz uddalay olmaysiz", — deydi restoranlarda idish yuvuvchi sifatida ish boshlagan va hozirda o'z kompaniyasiga egalik qiluvchi hindistonlik muhojir Gautam. "Agar siz iqtisodiyotni ko'tarmoqchi bo'lsangiz, — dedi u, — mamlakatga ko'proq migrantlar kelishi kerak."

Ko'pgina iqtisodchilar immigrantlar AQSh iqtisodiyotiga turli yo'llar bilan foyda keltiradi, deb hisoblaydilar. Sababi ular ko'pincha kam maoshli, ammo muhim ish joylarini egallaydilar. Aksariyat AQSh aholisi bolalar, kasallar va qariyalarga g'amxo'rlik qilish kabi ishlarni bajarishni xohlamaydi. Bundan tashqari, muhojirlar mamlakatda innovatsiyalar va mehnat unumdorligini oshirishga hissa qo'shishi mumkin, chunki ularda o'z biznesini ochish va patent olish ehtimoli ko'proq.

Brukings institutining Hamilton loyihasi iqtisodchisi Vendi Edelbergning ta'kidlashicha, immigrantlarning kutilmagan to'lqini, xuddi yaqinda bo'lgani kabi, davlat va mahalliy hukumatlar uchun yangi qiyinchiliklar va xarajatlar keltirib chiqarishi hech gap emas. Uning fikricha, yanada tartibli immigratsiya tizimi yordamida buning oldini olish mumkin.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing