Rossiyada yurak kasalliklarini erta aniqlovchi sun’iy intellekt ilovasi yaratildi

Dunyo

Penza davlat universiteti (PDU) olimlari elektrokardiosignallarni sun’iy intellekt yordamida avtomatik talqin qilish uchun veb-ilova yaratishdi. Ushbu ilova yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq xavfli patologiyalarni erta bosqichlarda aniqlash imkonini beradi, deb xabar berdi Rossiya Ta’lim va fan vazirligi matbuot xizmati.

Rossiyada yurak kasalliklarini erta aniqlovchi sun’iy intellekt ilovasi yaratildi
JSSTning ma’lumotlariga ko‘ra, yurak-qon tomir kasalliklarining aksariyat hollarda o‘limga olib keladigan sabablari orasida yurak ishemik kasalliklari (shu jumladan, miokard infarkti), arterial gipertoniya va bosh miyaning qon tomir kasalliklari (jumladan, insult) bor.

PDU olimlari tomonidan ishlab chiqilgan "CardioAI" veb-ilovasi elektrokardiosignallarni konvolyutsion neyron tarmoq yordamida avtomatik talqin qiladi. Ushbu ilova yordamida yurak-qon tomir tizimining xavfli patologiyalarini aniqlash imkoniyati yaratilgan.

Mazkur ilovaning o‘ziga xos jihati – Penza olimlari tomonidan takomillashtirilgan konvolyutsion neyron tarmoqda. Ta’lim va fan vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ilova sun’iy intellekt asosida ishlaydi va 90% holatda to‘g‘ri tashxis qo‘yadi.

Taxminan 2000 nafar bemorning elektrokardiosignallari tekshiruvdan o‘tkazilgan va sinovlar neyron tarmoqning kardiolog tashxisiga yaqin aniqlik ko‘rsatganini tasdiqlagan. Ilovaning asosiy funksiyalari elektrokardiogramma (EKG) ma’lumotlarini yuklash, ularni qayta ishlash va ritm, o‘tkazuvchanlik hamda ishemik o‘zgarishlarni aniqlashdan iborat.

Matbuot xizmatining ta’kidlashicha, ishlab chiqilgan veb-ilovaning demo-versiyasi foydalanish uchun oson bo‘ladi. Matbuot xizmatining qayd etishicha, natijalar foydalanuvchiga bir necha soniya ichida taqdim etiladi. Insonda o‘zgarishlar bor yoki yo‘qligi ko‘rsatiladi.

Agar o‘zgarishlar aniqlansa, dastur tavsiyalar va mumkin bo‘lgan patologiyalar ro‘yxatini shakllantiradi. "Bizning ilovamiz shifokor uchun elektron yordamchi hisoblanadi. Uning yordamida shifokor bemordan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tekshiruv natijalarini olishi va sun’iy intellekt tomonidan berilgan ma’lumotlarga asoslanib davolashni moslashtirishi mumkin", — deydi loyihaning yaratuvchilaridan biri, PDUning "Tibbiy kibernetika va informatika" kafedrasi professori Leonid Krivonogov.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing