BYD O‘zbekistonda Blade avlodiga mansub batareyalar va elektrobuslar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

O'zbekiston

Bu haqda BYD prezidenti Van Chuanfu 26-iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida ma'lum qildi, deb xabar bermoqda davlatimiz rahbarining matbuot xizmati.

BYD O‘zbekistonda Blade avlodiga mansub batareyalar va elektrobuslar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda
Jizzaxda gibrid va elektr avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonaning muvaffaqiyatli faoliyati katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugun zavoddan birinchi elektromobil chiqdi.

Loyihaning birinchi bosqichi doirasida 160 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritildi, 1,2 mingta ish o‘rni yaratildi. Korxonada payvandlash, bo‘yash va yig‘ish jarayonlarini o‘z ichiga olgan yuqori texnologik ishlab chiqarish tashkil etilgan.

Uchrashuvda Prezidentimiz yaqin istiqbolda modellar qatorini kengaytirish va ishlab chiqarish quvvatini yiliga 500 mingtaga yetkazish zarurligini ta’kidladi.

Butlovchi va ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish, mahsulot tannarxini kamaytirish hamda avtomobillarni Markaziy Osiyo va MDH bozorlariga eksport qilish loyihalariga alohida e’tibor qaratildi.

Kompaniyaning mamlakatimizda “yashil” transportni rivojlantirish loyihasida ishtirok etish rejalari ham qo‘llab-quvvatlandi. Bu qo‘shma innovatsion tadqiqot markazini tashkil etish, kadrlar tayyorlash, elektr transporti uchun texnik reglament va standartlarni ishlab chiqish hamda “Blade” avlodiga mansub batareyalar va “BYD” elektrobuslarini ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing