Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining tuman va shaharlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi

Siyosat

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-mart kuni Toshkent viloyatining tuman va shaharlaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining tuman va shaharlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi
Viloyatda ishga solinmayotgan imkoniyatlar va tuman rahbarlarining sustkashligi aniqlangan, bu esa poytaxtimiz jadal rivojlanayotgani holda uning yonidagi viloyat hududlari bu sur’atdan ortda qolishiga olib kelmoqda. Yig‘ilishda imkoniyatlar muhokama qilinib, har bir tuman bo‘yicha “o‘sish nuqtalari” belgilandi.

Masalan, Parkent tumanida yo‘llarni ta’mirlash, mikroavtobuslar harakatini tashkil etish, tadbirkorlik faoliyati uchun yer ajratish ko‘zda tutilgan. Yangiyo‘l tumanida kichik sanoat zonasini tashkil etish taklif etilmoqda, Chinoz tumanida savdo-ko‘ngilochar majmualari, Oqqo‘rg‘on tumanida esa sanoat korxonalari tashkil etish rejalashtirilmoqda, chunki ko‘plab xotin-qizlar Toshkent shahri va boshqa tumanlarga qatnab, to‘qimachilik korxonalarida ishlamoqda.

Hududlar iqtisodiyotini yuksaltirish, sanoat zonalarini tashkil etish, sarmoya jalb etish loyihalarini amalga oshirish kabi chora-tadbirlar belgilandi. Shuningdek, poytaxtdagi sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich shahardan tashqariga ko‘chirish ko‘zda tutilgan.

Joriy yilda mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini 5 million nafarga yetkazish, turizm eksportini kamida 300 million dollarga yetkazish chora-tadbirlari ham muhokama qilindi.

Xotin-qizlar va yoshlarni kasbga o‘qitish hamda bandligini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing