Toshkent modernizmi me’morchiligi UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi

Dunyo

«Toshkent modernizmi me’morchiligi. Modernizm va Markaziy Osiyo an’analari» nomli seriyali nominatsiya Janubiy Koreyaning Pusan shahrida o‘tayotgan UNESCO Butunjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasi qarori bilan UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. Milliy nominatsiya XX asrning ikkinchi yarmiga oid Toshkent modernizmining o‘nta muhim me’moriy obyektini qamrab oladi.

Toshkent modernizmi me’morchiligi UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi
Ro‘yxatga «Jemchug» turar joy binosi, O‘zbekiston Davlat tarixi muzeyi, «Xalqlar do‘stligi» saroyi, O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi, Toshkent davlat sirki, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zali, O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyi, «Chorsu» bozori, «Kosmonavtlar» metro bekati hamda Toshkent viloyatidagi «Quyosh» geliokompleksi kiritildi.

O‘zbekiston tomonining ta’kidlashicha, ushbu obyektlar modernistik me’morchilik tamoyillarini Markaziy Osiyo an’analari bilan uyg‘unlashtirgan noyob namunalar bo‘lib, Toshkentning zilziladan keyingi me’moriy rivojlanish bosqichini aks ettiradi.

Mazkur nominatsiya O‘zbekistonning UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan oltinchi madaniy meros obyekti hamda so‘nggi 25 yil ichida ro‘yxatga kiritilgan birinchi milliy nominatsiyasi bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlari orasida XX asr modernistik me’moriy merosini UNESCO ro‘yxatiga kiritgan birinchi davlatga aylandi.

Sessiya doirasida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi va O‘zbekiston Respublikasining UNESCO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi raisi Gayane Umerova UNESCO Butunjahon merosi markazi direktori Lazar Elundu Assomo bilan uchrashdi. Tomonlar Poyi-Kalon majmuasini restavratsiya qilish, Buxoroda ochiq osmon ostidagi arxeologiya muzeyini yaratish hamda «Zaamin tog‘lari» nominatsiyasini tayyorlash masalalarini muhokama qildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing