Yaponiya Ukrainaga minalarni tozalash va kiberxavfsizlik sohasida yordam beradi – Kyodo

Dunyo

Tokio Kiyevni qo‘llab-quvvatlovchi bir guruh davlatlar tashabbusi bilan boshlangan dasturga qo‘shilishi mumkin.

Yaponiya Ukrainaga minalarni tozalash va kiberxavfsizlik sohasida yordam beradi – Kyodo
Yaponiya hukumati Ukrainaga minalarni tozalash va kiberxavfsizlik sohasida yordam ko‘rsatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Kyodo” agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Tokio Kiyevni qo‘llab-quvvatlovchi bir guruh davlatlar tashabbusi bilan boshlangan yordam dasturiga qo‘shilishi mumkin. Gap AQSh raisligida faoliyat yurituvchi Ukraina mudofaasi bo‘yicha kontakt guruhi deb ataladigan guruh haqida bormoqda.

Kiyevga minalarni tozalashda yordam berish dasturi Litva tashabbusi bilan boshlangan. Iyul oyida mamlakat Ukrainaga minalardan tozalash va ukrainalik jangchilarni sapyor sifatida tayyorlash uchun zarur mablag'larni yuborish, koalitsiyaga qo'shilish, shuningdek, hududlarni tozalash uchun mutaxassislarni Ukrainaga yuborish taklifini kiritgan.

Bildirilishicha, Tokio avvalroq Kiyevga minalarni tozalash sohasida yordam bergan. Yaponiya Ukrainaga minalarni aniqlik bilan topish imkonini beruvchi to'rtta ALIS qurilmasini, shuningdek, 50 ta metall detektorni topshirgan. Bundan tashqari, ukrainalik mutaxassislar avvalroq Yaponiya va Kambodjada minalardan tozalash bo‘yicha mashg‘ulotlarni yakunlagan.

Yaponiya hukumati hozirgacha Ukrainaga 7,6 milliard dollardan ortiq miqdorda gumanitar, oziq-ovqat, moliyaviy va boshqa turdagi yordam ko‘rsatgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing