YOII davlatlari fuqarolariga O‘zbekistonga ichki hujjatlar bilan kirish imkonini beruvchi tartibni joriy etishga tayyor

O'zbekiston

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi maqomida ishtirok etdi. Unda sayyohlik almashinuvlarini rag‘batlantirish maqsadida Mirziyoyev YOII davlatlari fuqarolariga O‘zbekistonga ichki hujjatlar bilan kirish imkonini beruvchi tartibni joriy etishga tayyorligini bildirdi.

YOII davlatlari fuqarolariga O‘zbekistonga ichki hujjatlar bilan kirish imkonini beruvchi tartibni joriy etishga tayyor
O‘zbekiston Prezidenti so‘zining avvalida so‘nggi yillarda mamlakatimiz kuzatuvchi sifatida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan 22 ta yo‘nalishda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yganini ta’kidladi. 2024-yilda O‘zbekistonning ittifoq mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 11 foizga oshdi.

Oktyabr oyida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan savdo, sanoat, moliya, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa sohalarda 40 ga yaqin chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan yangi uch yillik hamkorlik rejasi qabul qilindi.

O‘zbekiston, shuningdek, YOIIning savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijoratni joriy etish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasidagi qator tarmoq dasturlarida faol ishtirok etmoqda. Kelgusi yil mart oyida qo‘shma Ishchi guruhining to‘rtinchi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Mirziyoyev Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtaldi. Xususan, o‘zaro savdodagi savdo to‘siqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etishga chaqirdi.

Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston va YOII davlatlari o‘rtasidagi savdoda tarif va notarif cheklovlarni qo‘llamaslik masalasini ekspertlar darajasida ishlab chiqish taklif etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi tadbir yakunida imzolanayotgan Yagona bojxona tranziti tizimi to‘g‘risidagi bitimda mamlakatimizning ishtirok etishi, shuningdek, bojxona chegaralari orqali olib o‘tilayotgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida elektron ma’lumotlar almashinuvini tez fursatda joriy etish tarafdori ekanini ta’kidladi.

- Qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun ishonchli moliyaviy manbalarni shakllantirish maqsadida kelgusi yil boshida tartib-taomillarni yakunlab, Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqdamiz, - dedi Mirziyoyev.

Biznesni yanada faol jalb qilish va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida YOII Ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishini 2025-yil aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazish taklif etildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing